Ortga qaytish Chop etish

Parlament tadqiqotlari instituti hamda Germaniyaning konrad adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda

Sir emaski, har bir sohaning rivojlanish ilmiy tadqiqot natijalariga bevosita bog‘liqdir. Bu borada xalqaro hamkorlik, o‘zaro tajriba almashinish, xorijiy mamlakatlar, xususan, Germaniya qonunchiligi, parlamentarizm tajribasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilning 19-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosida Parlament tadqiqotlari instituti hamda Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan tadbir Parlament tadqiqotlari instituti hamda Germaniyaning Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi Memorandum imzolash va saylov qonunchiligidagi so‘nggi islohot va yangiliklarni yoritishga bag‘ishlandi.

Tadbirda Parlament tadqiqotlari instituti xodimlari, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari va o‘rinbosari, Yoshlar parlamenti a’zolari qatnashdi.

Tadbirning birinchi qismida Parlament tadqiqotlari instituti hamda Germaniyaning Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik Memorandumi imzolandi.

Memorandum o‘zaro manfaatlilik tamoyiliga asoslanadi va tomonlarning parlamentarizmni rivojlantirishdan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida ilmiy, axborot-tahliliy ta’minlashni amalga oshirish, qabul qilingan qonunlarning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq islohotlarga ta’sirini o‘rganishda hamkorlikdan har tomonlama manfaatdorligini ifodalaydi.

Mazkur muloqotning mantiqiy davomi sifatida “O‘ZBEKISTON VA GERMANIYADA SAYLOV TIZIMI: UMUMIY VA O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLAR”mavzusidagi davra suhbati tashkil etildi.

Jamg‘arma mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Andre Algermissen “Germaniyada saylov tizimi va Bundestag faoliyatida ilmiy xizmatning roli” haqida taqdimot o‘tkazdi. Shuningdek, tadbirda “O‘zbekistonda saylov qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlarning mazmun-mohiyati” haqida ham ma’lumot berildi.

Qiziqarli va maroqli o‘tgan tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.

Do‘stona ruhda o‘tgan muloqot davomida kelgusidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va birgalikda tadbirlar o‘tkazish, xususan bugungi kundagi parlamentarizmning dolzarb masalalarini tadqiq etish, ilg‘or xorijiy amaliyot yutuqlarni o‘rganishni doimiy asosda uchrashuvlar ko‘rinishida yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.